narrator-icon
100 ta savolga 100 ta javob

Javob: Huquqiy davlat sifatida O‘zbekistonda ham har qanday faoliyat, huquq va erkinliklar, majburiyatlar faqat va faqat qonunchilikka muvofiq belgilanishi va amalga oshirilishi lozim.

Shu maʼnoda, yangilangan Konstitutsiyamizning 21-moddasida hech kimga uning roziligisiz qonunchilikda belgilanmagan majburiyat yuklatilishi mumkin emas, degan norma mustahkamlandi.

Konstitutsiya va qonunlarga rioya etish, boshqalarning huquqlari, erkinliklari, shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilish, O‘zbekiston xalqining tarixiy, maʼnaviy va madaniy merosini avaylab asrash, atrof-tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, soliqlar va mahalliy yig‘imlarni to‘lash, O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish va boshqalar jismoniy va yuridik shaxslarga bir qator burch va majburiyatlar yuklatilgan.

Yangi kiritilgan norma jismoniy va yuridik shaxslar faqat Konstitutsiya va qonunchilik hujjatlarida majburiy etib belgilanganidan tashqari, boshqa biror-bir majburiyatni bajarishga burchli emasligini, shuningdek davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari ham ularga qo‘shimcha majburiyatlarni yuklash vakolatiga ega emasligini anglatadi. Bu esa amaliyotda ayrim holatlarda uchrab turadigan biror-bir qonunchilik hujjatida nazarda tutilmagan majburiyatni yoki qandaydir vazifani tashkilot rahbari tomonidan xodimga yuklash kabi salbiy holatlarga chek qo‘yadi.

Muhim jihati shundaki, ko‘pincha mansabdor shaxslar yoki rahbarlar o‘z bo‘ysunuvidagi shaxslarga turli ko‘rinishidagi og‘zaki va yozma ko‘rsatmalar, topshiriqlar va vazifalarni yuklaydi. Xodim esa bunday holatda noqulay vaziyatga tushadi, hatto ushbu vazifa va topshiriqlarni bajarish oqibatida javobgarlikka tortilishiga ham sabab bo‘ladi. Ayrim holatlarda maktab o‘qituvchilarini hokimiyat yoki mahallalar faoliyatiga ko‘maklashish uchun uning ixtiyoriga zid ravishda jalb etish kabi amaliyot bunga yaqqol misol bo‘ladi.

Shu maʼnoda kiritilgan ushbu norma, eng avvalo, rahbarlarni qonunchilikda ko‘rsatilmagan topshiriqlarni berishdan tiyilishga majbur qiladi, ayni paytda xodimlarga ushbu vazifa biror-bir qonunchilik hujjatida ko‘rsatilmagan, deb ijro etmaslikka, uni bekor qilinishini yuqori idoralardan talab qilish imkoniyatini beradi.

Bu esa amaliyotda ayrim holatlarda uchrab turadigan biror-bir qonunda ko‘rsatilmagan majburiyatni yoki qandaydir vazifani (masalan, jamoat ishlariga jalb qilish, ish vaqtidan tashqari yoki dam olish kunlari ishlash) tashkilot rahbari tomonidan xodimga yuklash kabi salbiy holatlarga qatʼiyan chek qo‘yadi.

Javob: Har bir davlat o‘z fuqarosi qayerda bo‘lishidan qatʼiy nazar, uni himoya qilishga majburdir. Shu nuqtayi nazardan, hech bir davlat o‘z fuqarosini hududidan majburan chiqarib yuborilishiga yoki boshqa davlatga berishga yo‘l qo‘ymaydi. Zotan, O‘zbekiston Respublikasi pasportida bejizga “ushbu pasport egasi O‘zbekiston Respublikasi himoyasidadir”, deb alohida belgilanmagan.

Aynan shu maqsadda, yangilangan Konstitutsiyamizning 23-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi boshqa davlatga berib yuborilishi yoki O‘zbekistondan tashqariga chiqarib yuborilishi mumkin emas”, degan insonparvar norma belgilandi.

Fuqaroni o‘z mamlakati hududidan chiqarib yuborilishi deganda, uni erki-xohishiga zid ravishda siyosiy, diniy, milliy, mafkuraviy, madaniy va boshqa qarashlari yoki faoliyatini asos qilib yashab turgan mamlakatidan majburiy chiqarib yuborilishini anglatadi. Bundan tashqari, surgun yoki badarg‘a kabi jazo chorasi sifatida ham o‘z uyini tark etishga majbur qilinishi tushuniladi.

Sho‘rolar davrida siyosiy tuzumga yoqmaydigan yoki o‘zgacha fikrlaydigan fuqarolarni Vatanidan tashqariga surgun qilish amaliyoti bunga yorqin misol bo‘la oladi. 1930-yillarda mamlakatimizda 5,5 mingdan ziyod oilalar siyosiy tuzumning qurbonlariga aylanib, “quloq” qilinganligi, zo‘ravonlik bilan o‘z vatanidan, qarindosh-urug‘laridan judo etilganligi to‘g‘risida maʼlumotlar bor.

Inson huquqi va qadr-qimmatini oyoq osti qiluvchi amaliyotlar tarixda bo‘lganligini inobatga olib, davlat o‘z fuqarolarini jazo yoki siyosiy chora sifatida o‘z hududidan majburan chiqarib yuborish mumkin emasligi Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasining 4-protokoli hamda Inson huquqlari bo‘yicha Arab xartiyasida ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilgan.

O‘z fuqarosini boshqa davlatga bermaslik (non-extradition) deganda, xalqaro huquqda davlat o‘z fuqarosini sodir etgan jinoyati uchun boshqa davlatga ushlab bermaslik tushuniladi.

Shu bilan birga, xalqaro shartnomalarga asosan, davlatlar o‘z fuqarolarini ushlab berishni rad etishi jinoyatchini jazosiz qolishini anglatmaydi.

Javob: Bir qator davlatlarda xorijdagi vatandoshlarni ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilanadi.

O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyev 2022-yil 20-iyundagi Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvda “Konstitutsiyamizga davlat chet elda yashayotgan va ishlayotgan fuqarolarimiz hamda vatandoshlar bilan muntazam aloqalarni saqlab qolish va rivojlantirish haqida g‘amxo‘rlik qiladi, degan qoidani kiritish lozim” deb, davlatning yangi majburiyatini belgilashni taklif etdi.

Shundan kelib chiqib, yangilangan Konstitutsiyamizning 23-moddasida “Davlat xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni saqlab qolish hamda rivojlantirish to‘g‘risida xalqaro huquq normalariga muvofiq g‘amxo‘rlik qiladi ”, degan norma belgilandi.

Xorijda yashayotgan vatandosh deganda, O‘zbekiston hududidan tashqarida doimiy istiqomat qiladigan yoki taʼlim olish, mehnat qilish, oilaviy va boshqa sharoitlardan kelib chiqib vaqtinchalik chet elda yurgan O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek chet el fuqaroligini olgan, davlatimizga maʼnaviy va madaniy mansublikni his qilgan shaxslar va ularning avlodlari, etnik, til va madaniy-tarixiy nuqtayi nazardan o‘zini o‘zbekistonlik sifatida anglagan hamda mamlakatimiz bilan har tomonlama aloqada bo‘lish xohishida bo‘lgan xorijda istiqomat qilayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tushuniladi.

Dunyodagi barcha o‘zbeklar o‘zaro madaniy aloqalarni saqlab qolish maqsadida chet ellarda taxminan 500 dan ortiq o‘zbek milliy-madaniy markazlari faoliyat yuritadi.

Ayrim xorijiy mamlakatlar konstitutsiyasida vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlash to‘g‘risida norma mavjud. Xususan, Koreya Respublikasi, Gruziya, Serbiya, Xitoy va boshqa mamlakatlarning asosiy qonunida belgilab o‘tilgan.

Javob: Yashash huquqi har bir insonning ajralmas va tabiiy huquqi bo‘lib, u mamlakatda o‘lim jazosini belgilash, tayinlash va ijro etishni qatʼiy inkor etadi. O‘lim jazosi eng og‘ir jinoiy jazo bo‘lib, u qo‘llaniladigan deyarli barcha davlatlarda o‘ta og‘ir, inson hayotiga qasd qiladigan jinoyatlar uchungina ko‘zda tutilgan.

Yangilangan Konstitutsiyamizning 25-moddasida “O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosi taqiqlanadi” degan qatʼiy norma mustahkamlandi. Shu tariqa, davlatimiz bu nihoyatda jiddiy masalada hech qachon ortga qaytmasligini, insonparvarlik g‘oyalariga sodiq ekanligini butun dunyoga namoyon qilmoqda.

Tarixga nazar tashlasak, 1994-yildagi O‘zbekiston Jinoyat kodeksida 33 turdagi jinoyat uchun o‘lim jazosi belgilangan edi. Jinoiy jazolarni liberallashtirish natijasida o‘lim jazosi belgilangan normalar bosqichma-bosqich qisqartirilib, faqat 2 ta, yaʼni qasddan odam o‘ldirish va terrorizm jinoyatlari uchun ko‘zda tutilgan, 2008-yil 1-yanvardan esa o‘lim jazosi batamom jinoiy jazo sifatida bekor qilindi. O‘zbekistonda o‘lim jazosini bekor qilinishi va taqiqlanishi BMTning 1966-yil 16-dekabrdagi Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro pakt talablariga ham to‘liq muvofiq keladi.

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda yuqori sudlar tomonidan avval chiqarilgan ko‘plab hukmlar qayta ko‘rilib, oqlov hukmlari chiqarilmoqda. Demak, sudlar ham xatolarga yo‘l qo‘yishi xavfini inkor etib bo‘lmaydi. Shunday ekan, o‘lim jazosi tayinlangan shaxsga sud kelgusida oqlov hukmi chiqaradigan bo‘lsa, nohaq ayblangan inson hayotini ortga qaytarishning hech qanday imkoni yo‘q!

O‘lim jazosiga qaytmaslik yuzasidan O‘zbekistonning qatʼiy pozitsiyasi Konstitutsiyada mustahkamlanishi davlatimizda inson hayoti va qadri yuqori darajada muhofaza etilishini yana bir bor tasdiqlaydi.

Bugungi kunda 106 davlatda (Kanada, Argentina, Daniya, Fransiya, Italiya, Norvegiya, Shvetsiya, Bolgariya, Polsha va boshqalar) o‘lim jazosi barcha jinoyatlar uchun bekor qilingan.

Javob: Shaxsni ushlab turish chog‘ida unga huquqlari va ushlab turish asoslarining tushuntirilishi (“Miranda qoidasi”) xalqaro huquqda umumeʼtirof etilgan norma bo‘lib, surishtiruv, tergov va sud jarayonlarida qonun buzilishiga yo‘l qo‘ymaslikni taʼminlashda muhim ahamiyatga ega.

Shu maʼnoda, yangilangan Konstitutsiyamizning 27-moddasida “Shaxsni ushlab turish chog‘ida uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari unga tushunarli tilda tushuntirilishi shartligi” belgilandi.

“Miranda qoidasi” o‘z tarixiga ega. 1966-yilda jinoyat sodir etgan E.Mirandani hibsga olgan AQSH Arizona shtati politsiyasi uni so‘­roq qilishdan avval gumonlanuvchi sifatida huquqlari tushuntirilmaganligi tufayli, keyinchalik uning aybga iqrorligi to‘g‘risidagi ko‘rsatmasi asosida chiqarilgan hukm AQSH Oliy sudida bekor bo‘lgan. “Miranda qoidasi”ga (ingl. Miranda warning) binoan shaxsni ushlab turish chog‘ida uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi, ayblanuvchi ayblovning mohiyati va asoslaridan xabardor qilinishi, shuningdek, sukut saqlash huquqidan foydalanishi, jinoyat ishlarida o‘ziga qarshi guvohlik berishga majbur qilinmasligi, malakali yuridik yordam taʼminlanishini talab etiladi.

Ko‘pchilik fuqarolarimiz tergov organlari tomonidan kimdir qo‘lga olinganida, u nima uchun ushlanganini aytilmasligidan, aytilganida ham ushlash sabablari va aybnomaning asl maʼnosini tushunmasligidan shikoyat qiladilar. Odatda, ushlangan shaxs o‘z huquqlarini bilmagan sharoitda tergov organlari tomonidan aybiga iqrorlik ko‘rsatmalari berishga majburlanishi xavfi katta. Aynan protsessual ushlash vaqtida inson og‘ir ruhiy holatga tushadi va huquqiy yordamga ayniqsa muhtojdir, chunki u bunday murakkab vaziyatda jinoyatda aybdor yoki aybsizligini isbotlash majburiyati unga emas, aksincha, to‘liq tergov organlariga yuklatilganligini anglay olmaydi.

Muhimi, mazkur qoidaga ko‘ra, shaxsning huquqlari u yaxshi tushunadigan tilda tushuntirilishi va bu til aynan uning ona tili bo‘lishi shart bo‘lmay, shaxs odatda muloqot qiladigan va yaxshi tushunadigan til bo‘lishi talab etiladi. Shu nuqtayi nazaridan, ushbu qoida ushlangan shaxsga uning huquqlarini real taʼminlanishini kafolatlaydi va unga nisbatan tergov organlari tomonidan aldov, noto‘g‘ri maʼlumot berish va boshqa har qanday qonunga xilof usullarni qo‘llanilishini oldini oladi.

“Miranda qoidasi”ning mazkur talabi Ispaniya, Gretsiya, Niderlandiya, Xorvatiya, Sloveniya va boshqa bir qator davlatlar konstitutsiyalarida mustahkamlangan.

Ushbu qoidaning Konstitutsiyaga kiritilishi shaxsni asossiz ushlanishi, advokat ishtirokisiz yoki o‘ziga qarshi ko‘rsatma berishga majbur qilinishini oldini oladi. O‘z huquqlarini yaxshi bilgan va talab qiladigan insonlarga nisbatan tergov vaqtida zo‘ravonlik yoki qonunga xilof harakatlar qilish ehtimoli albatta keskin pasayadi.

Javob: Inson huquqlarini sud orqali himoya qilish bo‘yicha muhim institutlardan biri “Xabeas korpus akt” xalqaro darajada umumeʼtirof etilgan hujjat sifatida shaxs erkinligini taʼminlash yo‘lida o‘ziga xos yangi davrga asos solgan.

“Xabeas korpus” (lot. habeas corpus) – “tanani sudga keltirish”, yaʼni ushlangan yoki hibsga olingan shaxsni adolatli sud muhokamasiga bo‘lgan huquqi hisoblanib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishga sanksiya berish, lavozimdan chetlashtirish va shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish tarzidagi protsessual majburlov choralarning asosligiga faqat sud tomonidan baho berish amaliyotini joriy qilinishi, o‘z navbatida, sudning mustaqilligi, xolisligi va beg‘arazligini taʼminlashni, jinoyat protsessida tortishuv prinsipini kuchaytirishni nazarda tutadi. “Xabeas korpus” instituti qo‘llanishini yanada kengaytirish doirasida pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlab qo‘yish va eksgumatsiya qilish kabi tergov harakatlarini o‘tkazishga sanksiya berish bo‘yicha vakolatlar prokuraturadan sudlarga o‘tkazildi.

Qamoq ehtiyot chorasinining sudlar tomonidan qo‘llanilishi amaliyotini keltiradigan bo‘lsak, 2022-yilda tergov organlaridan sudlarga kelib tushgan jami 24 118 ta iltimosnomadan 23 503 tasi kanoatlantirilgan, 485 tasi esa rad etilgan, yaʼni 485 nafar shaxsga nisbatan asossiz ravishda qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilishi oldi olingan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev 2022-yilning 20-iyun kuni Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvdagi nutqida “Xabeas korpus” institutini rivojlantirish zarur. ... Bu haqdagi muhim normani ham Asosiy qonunimizda aks ettirishimiz zarur. Bunday qoidalar inson, uning hayoti, huquq va erkinliklari – oliy qadriyat degan ezgu tamoyilga har tomonlama mos keladi”, deb taʼkidladi.

Shu maqsadda, yangilangan Konstitutsiyamizning 27-moddasida “Hibsga olishga, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga faqat sudning qaroriga ko‘ra yo‘l qo‘yiladi. Shaxs sudning qarorisiz qirq sakkiz soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emas”, degan insonparvar qoidalar mustahkamlandi.

Mazkur talab Ispaniya, Gretsiya, Niderlandiya, Xorvatiya, Sloveniya va boshqa davlatlarning konstitutsiyalarida mustahkamlangan.

Javob: Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchining huquqiy himoyasini kuchaytirish borasida jinoyat protsessida aybsizlik prezumpsiyasi odil sudlovning muhim prinsipi hisoblanadi. Shu bois, yangilangan Konstitutsiyamizning 28-moddasida gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchining huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan quyidagi yangi ikkita kafolatlar belgilandi.

Birinchidan, “Aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerak”, degan norma kiritildi.

Taʼkidlash lozimki, muayyan jinoyat ishi bo‘yicha surishtiruvchi, tergovchi tergov harakatlari, sud esa sud tergovi orqali dalillar to‘playdi.

Ayni paytda, to‘plangan dalillarni baholashda ularga nisbatan shubha paydo bo‘lishi mumkin. Bunda, shubhalar ayblov tomonga ishlatilishi kerakmi yoki himoya foydasigami, degan savol yuzaga keladi.

Konstitutsiyaga kiritilgan ushbu insonparvar yangi norma bunday vaziyatda aybdorlikka oid barcha shubhalar gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishini qatʼiy mustahkamlandi.

Shaxsni aybli ekanligiga oid har qanday shubhalar, ayblash uchun yetarli bo‘lmagan maʼlumotlar asosida shaxsni javobgarlikka tortish mumkin emas. Tergovda shubha ostidagi dalillar asosida ayb eʼlon qilingan bo‘lsa ham, bunday vaziyatda aybini tasdiqlovchi dalillarning yetarli emasligi tufayli sudda unga nisbatan oqlov hukmi chiqariladi. Yaʼni, “isbotlanmagan ayb – isbotlangan aybsizlikka teng” degan xalqaro standart amal qiladi. Misol sifatida aytish mumkinki, mamlakatimiz sudlari tomonidan so‘nggi 5 yilda 4 ming 700 nafardan ortiq fuqaro oqlangan.

Ikkinchidan,gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emas va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin” degan qoida joriy qilindi.

Shaxsni aybdorligini isbotlash mutlaqo surishtiruv va tergov organlarining bevosita vazifasidir. Ayni shu bois ham, Konstitutsiyamizda shaxsni o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emasligiga oid qoida mustahkamlandi. Jinoiy taʼqib ostidagi shaxsning sukut saqlash huquqidan foydalanishi surishtiruv va dastlabki tergovda unga bosim ostida yoki qadr-qimmatini kamsitib noqonuniy ko‘rsatma olish holatlarini oldini oladi.

Bunday normalar Ozarbayjon, Chexiya, Gruziya, Xorvatiya, Yaponiya, Slovakiya konstitutsiyalarida o‘rin olgan.

Javob: Shaxs o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik bermaslik huquqining kafolatlanishi surishtiruv, tergov va sud jarayonlarining xolislik va adolat tamoyillariga tayanib amalga oshirilishini taʼminlaydi.

Shu bois, yangilangan Konstitutsiyamizning 28-moddasiga “Hech kim o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emas”, degan mazmundagi insonparvar va qadriyatlarimizga mos norma mustahkamlandi.

Tabiiy savol tug‘iladi, nima uchun jinoyat ishi bo‘yicha shaxs o‘ziga yoki yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emas?

Birinchidan, shaxsga nisbatan har qanday ayblov ko‘rib chiqilayotganda tezkor-qidiruv xodimi, surishtiruvchi yoki tergovchi tomonidan unga nisbatan bosim o‘tkazishdan himoyalaydi, ikkinchidan, o‘z aybiga majburan iqror bo‘lishining oldini oladi, uchinchidan, jinoiy taʼqib ostidagi shaxsning og‘ir holatidan foydalanib, undan qarindoshlariga qarshi ko‘rsatuv olishni taqiqlaydi.

Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro paktda ham “o‘ziga o‘zi qarshi ko‘rsatuv berishga yoki o‘zini aybdor deb tan olishga majbur kilinmaslik” kafolati belgilangan.

Shuningdek, Jinoyat protsessual kodeksining 116-moddasida shaxsning o‘z qarindoshlariga qarshi ko‘rsatma berishdagi erkinligi belgilangan bo‘lib, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yaqin qarindoshlari guvoh yoki jabrlanuvchi tariqasida faqat o‘zlarining roziliklari bilan so‘roq qilinishlari mumkin.

Lekin, afsuski, tergov amaliyotida shunday holatlar ham uchraydiki, ayrim tergov xodimlari fuqarolarimiz o‘zining bunday huquqi borligini anglamasligidan foydalanib, o‘z qarindoshiga nisbatan guvohlik berish erkin ekanligi va bu kabi guvohlik berishdan bosh tortish uchun jinoiy javobgarlik mavjud emasligini to‘liq tushuntirmaydilar. Natijada, insonlarning mazkur huquqdan amalda real foydalanishi cheklanadi.

Mazkur talab qator davlatlar konstitutsiyalarida, masalan, Ispaniya, Gretsiya, Niderlandiya, Xorvatiya, Sloveniya va boshqa mamlakatlarda mustahkamlangan.

Bu qoidaning Konstitutsiyada belgilanishi jinoiy taʼqib ostidagi har qanday shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga ruhiy bosim va turli tahdidlar o‘tkazish, uning shaʼni va qadr-qimmatni kamsitish kabi boshqa noqonuniy usullar qo‘llanishini oldini olishga xizmat qiladi.

Javob: Huquqiy davlatda qonun ustuvorligi amalda taʼminlanishi hamda inson huquq va erkinliklari, uning qonuniy manfaatlari himoya qiluvchi odil sudlov tizimi amal qilishi shart.

Eng muhimi, shaxslar noqonuniy, asossiz yoki haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan maʼlumotlardan iborat dalillar asosida aybdor deb topilishi va javobgarlikka tortilishi mumkin emas. Jinoiy taʼqibga olingan shaxsning iqrorlik ko‘rsatuvlarigagina asoslanib, uni aybdor deb xulosa chiqarish odil sudlov tamoyillariga ziddir.

Shu bois, yangilangan Konstitutsiyamizning 28-moddasida “Agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas”, deb belgilovchi norma o‘z ifodasini topmoqda.

Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud jinoyat yuz berganligini, uning sodir etilishida kim aybdorligini, shuningdek u bilan bog‘liq barcha holatlarni aniqlashi shart. Faqatgina shaxsning o‘z aybini bo‘yniga olish haqidagi ko‘rsatmasi uni jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lmasligi lozim. Bunda shaxsni aybdor deb topish va uni jazoga tortish uchun yetarli dalillar to‘plangan bo‘lishi kerak.

Jumladan, Jinoyat protsessual kodeksining 112-moddasiga ko‘ra, gumon qilinuvchining u sodir etgan jinoyat haqidagi ko‘rsatuvlari va ayblanuvchining o‘z aybiga iqror bo‘lishi, bu iqrorlik boshqa ishonchli dalillar majmui bilan tasdiqlangan taqdirdagina, uni ayblash uchun asos qilib olinishi mumkin.

Taklif etilayotgan konstitutsiyaviy normaning muhim kafolati shundan iboratki, iqrorlik ko‘rsatmalari, ular ish yuzasidan yagona dalil bo‘lsa, shaxs aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas! Bunday shaxs huquqlari kafolati, tergov organlari zimmasiga konstitutsiyaviy darajada alohida masʼuliyat yuklaydi-ki, endilikda ular shaxsni aybini isbotlash jarayonida iqrorlik ko‘rsatmalariga asosiy urg‘uni bermasligi va ayblovni tergov yo‘li bilan tekshirilgan boshqa dalillar bilan isbotlashlari shart.

Mazkur qoida Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro paktning 14-moddasidagi “o‘ziga o‘zi qarshi ko‘rsatuv berishga yoki o‘zini aybdor deb tan olishga majbur kilinmaslik” kafolatidan ham kelib chiqadi.

Mazkur qoida sodir etilgan jinoyat bo‘yicha haqiqatni aniqlash, shuningdek, aybsiz insonlarni javobgarlikka tortilishini oldini olishga, ayni paytda jinoyat sodir etgan haqiqiy aybdor shaxs yoki shaxslarni aniqlashga xizmat qiladi. 

Javob: Afsuski, yaqin-yaqingacha mustabid tuzumdan qolgan illat fuqarolarni ishga olishda eskidan saqlanib qolgan amaliyot, yaʼni qarindoshlari sudlangan, deb ishga qabul qilmaslik yoki yuqori lavozimga tayinlamaslik holatlari uchrab turar edi.

Tabiiy savol tug‘iladi, jinoyat uchun butun bir avlod javob berishi adolatdanmi? Otasining qilmishi uchun nega farzandlari yoki aka uchun uka javob berishi kerak?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev taʼkidlaganidek, “Bunday adolatsiz “tizim”dan endi butunlay voz kechamiz. Chunki xalqimizga nisbatan sobiq tuzum davrida, ayniqsa, o‘tgan asrning 30-yillaridagi siyosiy qatag‘onlarning o‘zi yetarli emasmi?!

Yangilangan Konstitutsiyamizning 28-moddasiga “Shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lmasligi kerak”, degan insonparvar va adolatli norma mustahkamlandi. Uning mohiyati nimadan iborat, degan savol tug‘iladi.

Sudlanganlik shaxsga sud hukmi bilan jazo tayinlanganidan keyin kelib chiqadigan huquqiy oqibat bo‘lib, mazkur shaxsga nisbatan muayyan oqibatlarni keltirib chiqaradi. Masalan, davlat boshqaruvi, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ishga kirish yoki ularda tegishli lavozimlarni egallashda, harbiy xizmatni o‘tashda, saylanish huquqidan foydalanishda yoxud muayyan faoliyat bilan shug‘ullanishda qator taqiqlarni yuzaga keltiradi. Ammo, shaxsning sudlanganligi bilan bog‘liq turli cheklovlar uni o‘zi bilan cheklanib, boshqa shaxslarning huquqlariga taʼsir qilmasligi va hech bir holatda inson o‘zining yaqinlari yo‘l qo‘ygan xatolar uchun javob bermasligi kerak!

Qolaversa, mehnat qonunchiligiga ko‘ra, shaxslarni yaqin qarindoshlari sudlanganligi munosabati bilan ishga qabul qilmaslik holati ishga qabul qilishni g‘ayriqonuniy ravishda rad etish, deb hisoblanadi. Afsuski, bunday eskicha yondashuv oqibatida ko‘plab yurtdoshlarimiz aziyat chekkan. Masalan, odatda bir oilada ota-ona, bir necha aka-uka, opa-singil va farzandlar bo‘lsa, bu oilaning birgina aʼzosi qilgan xatosi 10 dan ortiq insonlarning hayotiga salbiy taʼsir etadi. Qanchalik urinmasin, mehnat qilmasin, yaqinining sudlanganligi insonning kasbiy o‘sishi, shaxs sifatida rivojlanishi, jamiyatda nufuzli o‘ringa ega bo‘lishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘siq bo‘ladi.

Bu kabi qoida Polsha, Serbiya, Ispaniya, Xorvatiya, Sloveniya va boshqalar konstitutsiyalarida mustahkamlangan.