Javob: Ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand aholini va nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ular uchun to‘siqsiz muhit yaratish va jamiyatga integratsiyasini taʼminlash ijtimoiy davlatning muhim vazifasi hisoblanadi.
Aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalariga yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan fuqarolar, ijtimoiy ahamiyatga molik kasalliklarga chalingan shaxslar hamda yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar kiradi.
Shu bois, BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya talablariga muvofiq yangilangan Konstitutsiyamizning 57-moddasida quyidagi qo‘shimchalar kiritildi:
birinchidan, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasida ekanligi belgilandi. Amaldagi Konstitutsiyamizda ushbu himoya faqat voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolg‘iz keksalarga tatbiq etilar edi, endilikda ushbu ro‘yxat kengaytirilmoqda;
ikkinchidan, davlat aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarining hayoti sifatini oshirishga, jamiyat va davlat hayotida to‘laqonli ishtirok etishi uchun ularga shart-sharoitlar yaratishga hamda ularning asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda taʼminlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan choralarni ko‘radi, degan keng qamrovli norma kiritildi. Ushbu norma bilan aholining yuqoridagi toifalariga imtiyozli uylar berish, bepul tibbiy jihozlar, protez-ortopediya buyumlari, oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash, yetim bolalar uchun oliy taʼlimda bepul o‘qish imkoniyatini yaratish, pensiya va nafaqalar bilan taʼminlash, ijtimoiy xizmatlar turi va sifini oshirish choralarini ko‘rish davlatning konstitutsiyaviy majburiyatiga aylanmoqda;
uchinchidan, davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy, iqtisodiy hamda madaniy sohalar obyektlari va xizmatlaridan to‘laqonli foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratadi, ularning ishga joylashishiga, taʼlim olishiga ko‘maklashadi, ularga zarur axborotni moneliksiz olish imkoniyatini taʼminlaydi, degan insonparvar norma mustahkamlandi. Bu esa davlatga nogironligi bo‘lgan shaxslarning madaniyat markazlari, kino va konsert zallari, sirk, teatrlarga kirish, shuningdek davlat xizmatlari, tibbiy, ijtimoiy xizmatlardan foydalanishda imtiyozlar, qulayliklar yaratish, ularni imtiyozli asosda ishga joylashish va taʼlim olishlari uchun tashkiliy-huquqiy choralar ko‘rish majburiyatini yuklamoqda.
Javob: Jamiyat va davlat hayotida xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligini, shuningdek, xotin-qizlarning qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Shu bois, yangilangan Konstitutsiyamizning 58-moddasida “Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni taʼminlaydi”, degan norma mustahkamlandi.
Xalq farovonligi, tinchligi hamda iqtisodiy barqarorlikda erkak va ayolning teng huquqliligi muhim o‘rin tutishini eʼtiborga olsak gender tenglikni taʼminlash vazifasini davlat zimmasiga yuklatilishi barqaror rivojlanishning zarur talabidir. Shu kabi normalar Germaniya, Irlandiya, Italiya kabi davlatlar konstitutsiyalarida ham mavjud.
2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasiga ko‘ra, gender tenglik bu – siyosat, iqtisodiyot, huquq, madaniyat, taʼlim, ilm-fan, sport va boshqa sohalarda xotin-qizlar va erkaklarning huquq hamda imkoniyatlarining tengligini taʼminlashdir.
Jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda gender tenglikni taʼminlanishi xotin-qizlarnging siyosiy faolligini oshirish, qonunlar va turli qarorlar qabul qilinishida ishtirokini yanada kengaytirish imkoniyatini beradi. Masalan, hozirda boshqaruv lavozimidagi xotin-qizlar ulushi
33 foizni, Oliy Majlisda esa 32 foizni tashkil etadi.
Bundan tashqari, gender tenglik taʼlim olish, mehnat qilish, tadbirkorlik, ijod qilish, madaniyat sohalarida ham taʼminlanishi xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshiradi. Ayni vaqtda ham xotin-qizlarning ulushi sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida 82 foizni, ilm-fan, taʼlim-tarbiya, madaniyat va sanʼat sohalarida 72 foizni, sanoatda 38 foizni, tadbirkorlikda 35 foizni, oliy taʼlimda 46 foizni tashkil etishi ham sohalar rivojidagi egallagan munosib o‘rnidan dalolatdir.
Har qanday xalqning yetuklik darajasini, avvalo, ayollarning ilmiy-madaniy kamoloti belgilab beradi. Shu bois, ularning taʼlim olishlari, ilm-fan bilan shug‘ullanishlari uchun sharoit yaratish davlatning alohida vazifasiga aylandi. Natijada, birgina 2022-yilda oliy o‘quv yurtlariga qabul qilingan talabalarning 49,9 foizini xotin-qizlar tashkil etdi.
Mazkur normaning kiritilishi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy faolligini oshirish, ularni davlat hokimiyatidagi lavozimlariga kengroq jalb etish imkoniyatini yaratadi. Xalq farovonligi, jamiyat tinchligi hamda iqtisodiy barqarorlikda erkak va ayolning teng huquqliligi muhim o‘rin tutishini eʼtiborga olsak gender tenglikni taʼminlash vazifasini davlat zimmasiga yuklatilishi barqaror rivojlanishning zarur talabidir.
Javob: O‘zbekiston – betakror tarixiy obidalar, madaniy meros obyektlariga boy o‘lka bo‘lib, bugungi kunda respublika bo‘yicha 8 210 ta moddiy-madaniy meros obyektlari mavjud.
Bundan tashqari, madaniy meros obyektlari O‘zbekiston turizm salohiyatining yetakchi yo‘nalishi bo‘lib, sayyohlarning aksariyati eng avvalo tarixiy obidalarimizni ko‘rish uchun tashrif buyuradi.
Mamlakatimizda 200 dan ortiq xalqaro sayyohlik yo‘nalishlarining 150 dan ortig‘i aynan tarixiy-madaniy meros obyekti bilan bog‘liqligi ham bejiz emas. Shu bois, ularni kelajak avlodlarga bezavol yetkazish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Amaldagi Konstitutsiyaning 49-moddasida madaniyat yodgorliklari davlat muhofazasidadir, degan norma belgilangan.
Madaniyat yodgorliklari deganda madaniy merosning bir qismi tushuniladi. Biroq, milliy qonunchiligimizda nafaqat madaniyat yodgorliklari, shu bilan birga, tarixiy, maʼnaviy, madaniy va tabiiy meros ham davlat tomonidan muhofaza qilinishi, ulardan oqilona foydalanilishi nazarda tutilmagan. Shu kabi talablar “Madaniy ifoda shakllarining xilma-xilligini himoya qilish va rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi, “Nomoddiy madaniy merosni himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Umumjahon madaniy va tabiiy merosni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Konvensiyalarda mustahkamlangan.
Shu munosabat bilan yangilangan Konstitutsiyamizning 61-moddasida “Tarixiy, maʼnaviy, madaniy va tabiiy meros davlat tomonidan muhofaza qilinadi”, degan norma belgilandi.
Mazkur norma tarixiy, maʼnaviy, madaniy va tabiiy merosni muhofaza qilish hamda undan samarali foydalanish bo‘yicha davlatning konstitutsiyaviy majburiyatlarini kengaytirishga asos bo‘ladi.
Javob: Soliqlar – jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan davlat byudjetiga yoki davlat maqsadli jamg‘armasiga to‘lanadigan majburiy beg‘araz to‘lov hamda Davlat byudjetining asosiy manbai hisoblanadi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida davlat ichki va tashqi vazifalarini, turli ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan mablag‘larning asosiy qismini soliqlar tashkil qiladi.
Soliqlarni o‘z vaqtida to‘lash har bir shaxsning muhim konstitutsiyaviy burchi hisoblanadi. Zero, to‘langan soliqlar hisobidan maktab, bog‘cha, shifoxonalar, yo‘llar kabi ijtimoiy obyektlar barpo etiladi, nogironlar va ijtimoiy ehtiyojmand aholi moddiy qo‘llab-quvvatlanadi.
Shu bois, yangilangan Konstitutsiyamizning 63-moddasiga “Soliqlar va yig‘imlar adolatli bo‘lishi va fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qilmasligi kerak”, degan norma kiritildi.
Soliq solish adolatli bo‘lishi deganda, soliqlar kamsitish xususiyatiga ega bo‘lmasligi hamda ijtimoiy, irqiy, milliy, diniy va boshqa shu kabi mezonlardan kelib chiqqan holda qo‘llanilishi mumkin emasligini anglatadi. Qolaversa, mulkning shakliga, jismoniy shaxslarning fuqaroligiga yoki kapitalning kelib chiqish mamlakatiga qarab farqlangan soliq stavkalarini, soliq imtiyozlarini yoki boshqa afzalliklarni belgilashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Xalqaro soliq amaliyotida kamsitmaslik prinsipi Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Daromad va kapitalga soliqlar to‘g‘risidagi namunaviy Konvensiyasida, ikki tomonlama soliqqa tortishni oldini olish bo‘yicha xalqaro shartnomalarda o‘z ifodasini topgan.
Shu bilan birga, soliq munosabatlari sohasida kamsitmaslik prinsipi ham o‘z chegaralariga ega. Iqtisodiy ahvoli turlicha bo‘lgan soliq to‘lovchilar uchun tabaqalashtirilgan soliq solishni belgilash kamsitish hisoblanmaydi, yaʼni iqtisodiy va boshqa kamsitmaydigan asoslar bo‘yicha farqlashga yo‘l qo‘yiladi. Masalan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, o‘zini-o‘zi band qilgan aholi uchun soliq imtiyozlarining belgilanishi bunga yorqin misol bo‘ladi.
Mazkur normaning kiritilishi barcha soliq to‘lovchilarning qonun oldida tengligini taʼminlashga, soliqlarni yig‘ish darajasini oshishiga, tadbirkorlik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Javob: Bozor iqtisodiyotini samarali amal qilishi uchun yetarli iqtisodiy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratish, raqobatni himoya qilish, shu bilan birga inflyatsiya, ishsizlik, monopoliya kabi bozorning salbiy oqibatlarini bartaraf etish davlatning muhim vazifalarini tashkil etadi.
Konstitutsiya milliy iqtisodiy tizimning fundamental asoslarini belgilovchi eng muhim siyosiy-huquqiy hujjat hisoblanadi. Shu bois, yangilangan Konstitutsiyamizning 65-moddasida iqtisodiy siyosat mazmunini aniqlashtirish va boyitishga qaratilgan quyidagi o‘zgartirishlar nazarda tutilmoqda:
Birinchidan, “Fuqarolar farovonligini oshirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi”, degan norma O‘zbekiston Respublikasini ijtimoiy davlat sifatida belgilanishi bilan uzviy bog‘liqlikni tashkil etadi.
“Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan asosiy maqsadni amalga oshirishga qaratilgan ushbu vazifani Konstitutsiyada belgilanishi doimiy iqtisodiy o‘sishni taʼminlash orqali aholi uchun har tomonlama farovon turmush sharoitlarni yaratishni nazarda tutadi. O‘z navbatida, aholi farovonligini oshirish yo‘lida qilingan har qanday xarajat bilvosita iqtisodiyot rivojlanishini ham taʼminlaydi.
Ikkinchidan, milliy iqtisodiyotimizda haqiqiy bozor munosabatlarini joriy etish, shu asosda mamlakatimizni taraqqiy ettirish uchun tadbirkorlarga buyon ham barcha sharoitlarni yaratish davlat iqtisodiy siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanishi lozim.
Shu maʼnoda, yangilangan Konstitutsiyaning 65-moddasiga “davlat bozor munosabatlarini rivojlantirish, halol raqobat uchun shart-sharoit yaratadi”, degan qoidaning kiritilishi bilan iqtisodiyotni tartibga solish bo‘yicha davlatning bosh vazifalari belgilandi.
Haqiqiy bozor munosabatlari – iqtisodiy erkinlikni, davlat aralashuvini cheklashni, mulk daxlsizligini va barcha sohalarda teng va halol raqobatni talab etadi. Endilikda ushbu vazifalarni amalga oshirish davlat iqtisodiy siyosatini konstitutsiyaviy mazmunini tashkil etadi.
Javob: Milliy iqtisodiyotning barqaror o‘sishini taʼminlash maqsadida xorijiy va mahalliy investitsiyalarni keng jalb etish va ulardan samarali foydalanishni taʼminlash uchun davlat tomonidan zarur iqtisodiy-huquqiy sharoitlarni shakllantirish muhim rol o‘ynaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev 2022-yil 20-iyunda Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvda “Davlat xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini hamda sharoitlarni taʼminlashi lozim...” deb taʼkidlagan edi.
Shu bois, yangilangan Konstitutsiyamizning 67-moddasida “Davlat qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini taʼminlaydi”, degan mazmundagi ilg‘or va barcha davlat organlari faoliyatiga baho berishning asosiy mezoniga aylanadigan norma mustahkamlandi.
Iqtisodiyotimizga mablag‘ kiritish istagida bo‘lgan har qanday investorni qiziqtiradigan birinchi masala – tadbirkorlik faoliyati bilan bemalol shug‘ullanishi va foyda olishi uchun yaratilgan sharoitlardir. Shu bois, barcha davlatlar o‘z hududida biznes bilan shug‘ullanish uchun jozibador va qulay muhitni taʼminlashga harakat qilishadi.
Qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhiti – mamlakatda ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy barqarorlikning taʼminlanganligi, mukammal va barqaror qonunchilik bazasi va sud-huquq tizimining mavjudligi, halol raqobat qilish imkoniyati yaratilganligi, ruxsat olish va hisobdorlikni cheklanganligi, adolatli soliq tizimining amal qilishi, eng muhimi daromadlarini erkin tasarruf etishni cheklanmaganligi hamda investorlar uchun imtiyoz va preferensiyalar taqdim etilganligi bilan belgilanadi.
So‘nggi yillarda iqtisodiyotimizga kirib kelgan xorijiy investitsiyalar hajmi 10 baravar oshib, qariyb 40 milliard dollarni tashkil etganligi ham mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish borasidagi ishlarning amaliy ifodasidir.
Javob: Mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, uni to‘sqinliksiz amalga oshirilishini taʼminlash hamda tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda.
Taʼkidlash lozimki, amaldagi Konstitutsiyada tadbirkorlik qilish erkinligi kafolatlanadi, degan norma bilan cheklanib, tadbirkorlarni to‘laqonli faoliyati uchun hayot-mamot ahamiyatga ega bo‘lgan huquqlariga doir maxsus normaning belgilanganmaganligi huquqiy tizim uchun “bo‘shliq” hisoblanardi.
Endilikda yangilangan Konstitutsiyamizning 67-moddasiga “Tadbirkorlar qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishga va o‘z faoliyatining yo‘nalishini mustaqil ravishda tanlashga haqli” degan mazmundagi tom maʼnoda asossoluvchi normaning kiritilishi orqali mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatining konstitutsiyaviy kafolatlari mustahkamlandi.
Xo‘sh, tadbirkorlik faoliyatini samarali yuritishda mazkur norma qanday ahamiyat kasb etadi?
Birinchidan, tadbirkorlarni qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishga haqli ekanligini belgilanishi, daromad olish asosiy maqsadi bo‘lgan tadbirkorlar uchun iqtisodiyotning barcha soha va tarmoqlarida faoliyat yuritish huquqini konstitutsiyaviy kafolatlaydi. Darhaqiqat, kapital qayerda daromad olish imkoniyati bo‘lsa, shu tarafga qarab hech qanday to‘siqlarsiz harakatlanishi shart. Bu bozor iqtisodiyotining oltin qoidalari sirasiga kiradi. Bunda, muayyan faoliyat bilan shug‘ullanish bo‘yicha qonun hujjatlarida taʼqiq qo‘yilmaganligi talab etiladi.
Ikkinchidan, o‘z faoliyat yo‘nalishini mustaqil ravishda tanlash huquqi tadbirkorlarga o‘z biznes strategiyalarini boshqa shaxslarni, davlat organi va uni mansabdor shaxslarini o‘zboshimchalik bilan aralashuvisiz o‘z xohishi va manfaatlaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqish va amalga oshirish imkoniyatini beradi.
Taʼkidlash lozimki, Xorvatiya, Estoniya, Polsha kabi mamlakatlar konstitutsiyalarida ham shunday mazmundagi normalar mavjud.
Konstitutsiyada kiritilgan mazkur qo‘shimchalar erkin bozor iqtisodiyotini eng muhim talabini o‘zida ifoda etib, davlatni tadbirkorlik faoliyatini samarali tashkil etishga doir asosiy yondashuvini belgilaydi hamda “qonunda taqiqlanmagan har qanday faoliyatga ruxsat beriladi” prinsipi asosida tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni asosiy mezonlarini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlaydi.
Javob: Bozor iqtisodiyotining eng asosiy prinsiplaridan biri – bu erkin raqobat sharoitida tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va kapitalning mamlakat hududida hech qanday to‘siqlarsiz harakatlanishi hisoblanadi.
Davlat tomonidan tadbirkorlik faoliyati erkinligini kafolatlash barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish, raqobat muhitini taʼminlash, tadbirkorlik subyektlariga teng sharoitlar yaratish asosida milliy iqtisodiyotning raqobatdoshligini oshirish hamda biznes vakillarining ishonchini yanada mustahkamlash imkonini beradi.
Qolaversa, Jahon savdo tashkilotining ham asosiy talablaridan biri – bu mehnat resurslari, tovarlar, xizmatlar va kapitalning erkin harakatlanishini taʼminlash hisoblanadi.
Shu sababdan ham yangilangan Konstitutsiyaning 67-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlanadi”, deb belgilab qo‘yildi.
Iqtisodiy makon birligi deganda soliq, pul-kredit, moliya, savdo va bojxona siyosati orqali tovarlar, xizmatlar, kapital va ishchi kuchining erkin harakatlanishini taʼminlaydigan hududiy makon nazarda tutiladi.
Tadbirkorlar o‘z mablag‘larini to‘siqlarsiz tasarruf qila olish imkoniyati juda katta ahamiyatga ega. Chunki tadbirkor olgan foydasini mamlakatdan erkin olib chiqib ketish, boshqa bozorga yoki loyihaga yo‘naltirish imkoniyatiga ega bo‘lmasa, uning bu mamlakat bozorida faoliyat yuritishidan maʼno qolmaydi.
Ushbu islohotlar tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqarolarimizga quyidagi kafolatlarni beradi, jumladan: tovarlar va xizmatlarning harakatlanishiga to‘siqlar joriy etilmasligi; pul va kapital bozorlarini yanada erkinlashtirish va rivojlantirib borish; valyuta bozorini liberallashtirish, kiritilgan investitsiyalar bo‘yicha foydani qaytarish; shartnomalar ijrosini taʼminlash va boshqalar.
Javob: Tovarlar va xizmatlar bozorida samarali raqobat muhitini yaratish maqsadida monopoliyani bosqichma-bosqich kamaytirish iqtisodiyotni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev 2022-yil 20-iyun kuni Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvda “Davlat xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun iqtisodiy faoliyatda monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmasligini kafolatlashi lozim”, deb taʼkidlangandi.
Amaldagi Konstitutsiyada tadbirkorlik, iqtisodiy faoliyat erkinligi belgilangan bo‘lsa-da, aynan ushbu faoliyatni samarali faoliyat ko‘rsatishiga salbiy taʼsir ko‘rsatadigan monopol tashkilotlar faoliyatini cheklash bo‘yicha maxsus norma belgilanmagan.
Shu bois, yangilangan Konstitutsiyamizning 67-moddasida ilk marotaba “Monopol faoliyat qonun bilan tartibga solinadi va cheklanadi”, degan qatʼiy normaning kiritilganligi iqtisodiyot tarmoqlarida monopol faoliyatni cheklash orqali raqobatni rivojlantirishga yo‘naltirilgan tizimli iqtisodiy-huquqiy tartibga solishning konstitutsiyaviy asoslarini shakllanishiga xizmat qiladi.
Darhaqiqat, iqtisodiyotni rivojlantirish manfaatlari nuqtayi nazaridan davlatning monopol faoliyatni tartibga solish kabi muhim vazifani o‘z zimmasiga olishi biznes hamjamiyatning ham, aholining ham manfaatiga javob beradi. Bunda qo‘llanilayotgan eng asosiy yondashuv barcha bozorlarda sog‘lom raqobat muhitini taʼminlashdan hamda raqobatni olib kirish mumkin bo‘lgan tabiiy monopoliya sohalariga xususiy sektor uchun yo‘l ochishdan iborat bo‘lmog‘i lozim. Shu bilan birga, yuqori ijtimoiy ahamiyat kasb etuvchi sohalardagi tabiiy monopoliyalar (masalan, neft, neft mahsulotlari va gazni quvur orqali transportirovka qilish, temir yo‘llarda tashish va boshq.) faoliyatini isteʼmolchilar manfaati ustunligi nuqtayi nazaridan tartibga solinishi zarur. Bunday tartibga solish davlat tomonidan narxlarni yoki ularning eng yuqori (eng past) darajasini o‘rnatish orqali amalga oshiriladi.
Bunday normalar Avstriya, Bolgariya, Xorvatiya kabi xorijiy mamlakatlar konstitutsiyalarida ham o‘z ifodasini topgan.
Javob: Bozor iqtisodiyotiga asoslangan har bir davlatda xususiy mulk iqtisodiyotni rivojlantirish va mamlakatni taraqqiy ettirishning asosiy omillardan biridir.
Uzoq yillar mobaynida O‘zbekistonda yerga nisbatan xususiy mulkning to‘laqonli joriy etilmaganligi haqiqiy mulkdorlar qatlamini yetarlicha shakllanmasligiga, yerni haqiqiy tovar sifatida bozor muomalasiga kiritilmasligiga hamda xorijiy investorlarni milliy iqtisodiyotga nisbatan ishonchini pasayishiga olib keldi.
Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan 2022-yil 20-iyunda Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda “Asosiy qonunimizda yer xususiy mulk bo‘lishi mumkinligi aniq belgilanishi lozim” deb alohida taʼkidlanganligi qatʼiy siyosiy iroda namunasidir.
Shu bois, yangilangan Konstitutsiyamizning 68-moddasida ilk marotaba “Yer qonunda nazarda tutilgan hamda undan oqilona foydalanishni va uni umummilliy boylik sifatida muhofaza qilishni taʼminlovchi shartlar asosida va tartibda xususiy mulk bo‘lishi mumkin”, degan muhim norma mustahkamlandi.
Mamlakatimizda fuqarolar va yuridik shaxslarga tegishli yerlarni ularni o‘zlari tomonidan xususiylashtirib olish imkoniyati yaratilmoqda. Xususan, “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq fuqaro va yuridik shaxslar yer uchastkalarini xususiylashtirishi mumkin.
Yerni xususiy mulk sifatida fuqaroga tegishli bo‘lishi unga nima beradi? Xususiy mulk bo‘lgan yer uchastkasi mulkdori yerni sotish, hadya qilish, ayirboshlash, garovga qo‘yish, meros qilib qoldirish kabi huquqlarni qo‘lga kiritadi. Eng muhimi, bunday yerni davlat faqat mulkdorni roziligi bilan, shartnoma asosida, bozor narxida jamoat ehtiyojlari uchun qayta sotib olishi mumkin. Bir so‘z bilan ayganda, yer “snos”ga tushib ketmaydi, davlat yerni kelishilgan narxda sotib olsagina, yer begonalashtirilishi mumkin.
Shu bilan birga, yerni umummilliy boylik va muhim iqtisodiy resurs ekanligini nazarda tutib, unga xo‘jasizlarcha munosabatda bo‘lishni oldini olish maqsadida moddada nazarda tutilgan konstitutsiyaviy shartlar xususiylashtirilgan yerdan samarali foydalanishni va uni kelajak avlodlarga bezavol qoldirilishini taʼminlaydi.