Javob: So‘nggi yillarda davlatimizda fuqarolarning huquq, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, xususan ularning malakali yuridik yordamga bo‘lgan huquqini taʼminlashga qaratilgan ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayni shu maqsadda yangilangan Konstitutsiyamizning 29-moddasida “Har bir shaxs jinoyat protsessining har qanday bosqichida, shaxs ushlanganida esa uning harakatlanish erkinligi huquqi amalda cheklangan paytdan eʼtiboran o‘z tanloviga ko‘ra advokat yordamidan foydalanish huquqiga ega”, deb belgilandi. Mazkur norma jinoyat protsessida advokat yordamidan foydalanish huquqining yangi huquqiy kafolatlarini taʼminlaydi.
Advokat yordamidan foydalanish uchun eng avvalo, professional advokatlar korpusining mavjudligi talab etiladi. Bugungi kunda mamlakatimizda 4500 nafardan ortiq advokat faoliyat yuritmoqda. Eng muhimi, jamiyatda advokat xizmatiga ehtiyojning va aholi huquqiy madaniyati darajasining ortib borishi kuzatilmoqda.
Jinoyat protsessining har qanday bosqichida advokat yordamidan foydalanish deganda, advokat tomonidan tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov, birinchi instansiya sudida, hukmni ijro etish, apellyatsiya va kassatsiya tartibida ishlarni ko‘rib chiqishda jinoiy taʼqibga olingan shaxs, hamda jabrlanuvchi, guvoh va boshqa shaxslarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilinishi tushuniladi.
Shaxs ushlanganida uning harakatlanish erkinligi huquqi amalda cheklangan paytdan eʼtiboran o‘z tanloviga ko‘ra advokat yordamidan foydalanish huquqi taʼminlanadi. Yaʼni, jinoyatni sodir etishda gumon qilingan shaxs jinoyat ustida yoki bevosita uni sodir etganidan keyin qo‘lga tushsa, unga nisbatan noqonuniy yoki asossiz ayblov qo‘yilishidan, turli bosimlardan himoya qilishga yo‘naltirilgan.
Shuningdek, shaxs o‘z tanloviga ko‘ra, yaʼni advokat yordamidan foydalanishi yoki bunday yordamdan voz kechishi mumkin. Agar shaxsda advokat xizmatidan foydalanish istagi bo‘lsada, bunga moddiy imkoniyati bo‘lmasa, davlat hisobidan himoyalanish huquqi taʼminlanishi kafolatlandi.
Amaldagi qonunchiligimizga muvofiq bugungi kunda bepul yuridikk yordam asosan jinoyat protsessual qonunchiligi doirasida ko‘rsatiladi. Fuqarolik ishlari, mehnat nizolari va boshqa yo‘nalishlarda davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatilmaydi. Konstitutsiyaga mazkur yangiliklar kiritilsa, fuqarolarimiz nafaqat jinoyat ishlari doirasida, balki fuqarolik, mehnat va boshqa sohalarda ham davlat hisobidan yuridik yordam olishi mumkin bo‘ladi. Ushbu kafolat qator davlatlar konstitutsiyalarida, jumladan, Ispaniya, Gretsiya, Niderlandiya, Xorvatiya, Sloveniya va boshqa mamlakatlarda mustahkamlangan.
Javob: Har qanday demokratik huquqiy davlatda shaxslarni huquqbuzarliklardan himoya qilish, undan jabrlanganlarning huquqlarini tiklash muhim ahamiyatga ega.
Huquqbuzarlik – shaxs, jamiyat, davlat va manfaatlariga zarar keltiruvchi, ijtimoiy xavfli, aybli, huquqqa zid harakat yoki harakatsizlik bo‘lib, yuridik javobgarlikni keltirib chiqaruvchi qilmishdir. Huquqbuzarlikning fuqaroviy, intizomiy, maʼmuriy, jinoiy turlari mavjud bo‘lib, ularni sodir etganlik uchun tegishli javobgarlik belgilangan. Huquqbuzarlikning eng xavfli ko‘rinishi bu – jinoyatdir. Jabrlanuvchi deb jismoniy, maʼnaviy yoki mulkiy zarar yetkazilganligi oqibatida huquqbuzarlikdan jabrlangan shaxs tushuniladi.
Shu boisdan, yangilangan Konstitutsiyamizning 29-moddasiga “Har bir shaxs jinoyat protsessining har qanday bosqichida, shaxs ushlanganida esa uning harakatlanish erkinligi huquqi amalda cheklangan paytdan eʼtiboran o‘z tanloviga ko‘ra advokat yordamidan foydalanish huquqiga ega”, degan yangi norma belgilandi. Mazkur norma davlat zimmasiga huquqbuzarliklardan jabrlanganlarning huquqlarini himoya qilish majburiyatini yuklamoqda.
Shu bilan birga, Konstitutsiyada huquqbuzarliklardan jabrlanganlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha davlatga yana qo‘yidagi majburiyatlar yuklatilmoqda:
Birinchidan, jabrlanganlarga himoyalanish uchun shart-sharoitlarni yaratish, yaʼni jabrlanganlarga huquqiy, ijtimoiy, moddiy, psixologik, tibbiy, pedagogik va boshqa turdagi yordam yoki tashkiliy-huquqiy choralarni ko‘rsatish. Masalan, odam savdosidan yoki boshqa zo‘ravonliklardan jabrlanganlarga tibbiy yoki psixologik yordam, mol-mulkidan mahrum bo‘lganlarga yetkazilgan zarar qoplash choralari ko‘riladi.
Ikkinchidan, odil sudlovdan foydalanishni taʼminlash uchun shart-sharoitlar yaratish, xususan shaxslarni davlat organlari hamda mansabdor shaxslarning g‘ayriqonuniy qarorlari hamda boshqa fuqarolarning g‘ayriqonuniy xatti-harakatlaridan (harakatsizligidan), shuningdek huquq va erkinliklariga tajovuzlardan sud himoyasida bo‘lish huquqi kafolatlanadi.
Uchinchidan, jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi uchun shart-sharoitlar yaratish. Bunda davlat huquqbuzarlik tufayli fuqaroga, uning mol-mulkiga yetkazilgan zararni huquqbuzardan o‘z vaqtida va to‘liq hajmda qoplash bo‘yicha tashkiliy-huquqiy choralarni ko‘radi. Masalan, firibgarlik jinoyati bo‘yicha zarar qoplanmasa, huquqbuzarga nisbatan amnistiya yoki afv qo‘llanilmaydi.
Shu kabi normalar Braziliya, Ozarbayjon, Misr, Chexiya kabi davlatlar konstitutsiyalarida o‘rin olgan.
Ushbu norma jinoyat yoki huquqbuzarlik sodir etganlarni jazolash bilan birga, avvalo, jabrlanuvchilarning buzilgan huquqlari tiklanishini, ularga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararlar qoplanishini kafolatlaydi.
Javob: Shaxsiy va oilaviy sirlarga ega bo‘lish insonning muhim fuqarolik huquqlaridan bo‘lib, u davlat tomonidan kafolatlanishi, Konstitutsiya va qonun hujjatlari bilan muhofaza etilishi lozim.
Shu munosabat bilan, yangilangan Konstitutsiyamizning 31-moddasida har bir inson shaxsiy va oilaviy siriga ega bo‘lish huquqini belgilovchi muhim qoida mustahkamlandi.
Shaxsiy sirlar – bu inson hayotidagi voqealar, faktlar, sharoitlar to‘g‘risidagi har qanday insonning o‘zi ochiqlashni xohlamayotgan va bu maʼlumotlarni boshqalarga maʼlum bo‘lmasligidir. Qachonki shaxs bu maʼlumotlarni o‘z xohishiga ko‘ra ochiqlasa, uning sir tutilish maqomi bekor bo‘ladi.
Oilaviy sirlarning shaxsiy sirlardan farqi shundaki, u oilaning bir necha aʼzolariga tegishli bo‘ladi. Bunda, sir oilaning barcha aʼzolari tomonidan emas, balki bir-ikki aʼzosi tomonidan ham maxfiy deb topilishi mumkin. Oilaviy sirlarda maʼlumotlar oilaning barcha aʼzolariga yoxud baʼzi birlariga aloqador ham bo‘lishi mumkin.
Shaxsiy yoki oilaviy sirga nafaqat kishini yoki uning oilasini obro‘sizlantiruvchi, sharmanda qiluvchi maʼlumotlar, balki shaxs maxfiy saqlab qolishni istayotgan boshqa maʼlumotlar ham kiradi.
Afsuski, keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali shaxsning oilaviy yoki shaxsiy siri to‘g‘risidagi maʼlumotlarni, fotosuratlar, o‘zaro yozishmalarni uning roziligisiz qonunga xilof ravishda yig‘ish yoki tarqatish holatlari kuzatilmoqda.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida (1948-yil), Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risida xalqaro paktda (1966-yil) hech kimning shaxsiy va oilaviy hayotiga o‘zboshimchalik bilan aralashish, uning yozishmalaridagi sirlariga yoki uning nomusi, shaʼniga tajovuz qilish mumkin emasligi ko‘rsatilgan.
Shaxsiy va oilaviy sirlar O‘zbekiston qonunchiligi bilan muhofaza qilinadi. Xususan, insonning shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi malumotlarni uning roziligisiz qonunga xilof ravishda yig‘ganlik yoki tarqatganlik uchun mamuriy va jinoiy javobgarlikni belgilangan.
Javob: Shaxs o‘ziga doir maʼlumotlarni himoya qilishi uning shaxsiy huquqlaridan biri hisoblanadi va mazkur huquq davlat tomonidan taʼminlanishi kerak.
Shu munosabat, yangilangan Konstitutsiyamizning 31-moddasida “Har kim o‘z shaxsiga doir maʼlumotlarning himoya qilinishi huquqiga, shuningdek noto‘g‘ri maʼlumotlarning tuzatilishini, o‘zi to‘g‘risida qonunga xilof yo‘l bilan to‘plangan yoki huquqiy asoslarga ega bo‘lmay qolgan maʼlumotlarning yo‘q qilinishini talab qilish huquqiga ega”, degan qatʼiy norma belgilandi.
Shaxsga doir maʼlumotlar sifatida insonning bevosita o‘ziga taalluqli bo‘lgan elektron yoki qog‘ozda qayd etilgan maʼlumot tushuniladi. Masalan, shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan yili va joyi, kasbi, fuqaroligi, maʼlumoti, oilaviy ahvoli, ish joyi, yashash manzili, oila aʼzolari, salomatligi, ijtimoiy ahvoli, partiyaviyligi, harbiy xizmatga aloqadorligi to‘g‘risidagi maʼlumotlar ular sirasiga kiradi.
Inson tug‘ilganidan boshlab u haqidagi maʼlumotlar uning hayoti davomida biror-bir joyda “iz” qoldiradi. Jumladan, davlat xizmatlaridan foydalanganda, shifoxonada, FHDYO bo‘limlarida, bog‘chada, maktabda, banklarda va boshqa tashkilotlarda, kundalik foydalanadigan ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda yoki maʼlumotlar bazalarida shaxsning foto, video, audio, yozma yoki elektron shaklidagi shaxsga doir maʼlumotlar mavjud.
Ayniqsa, raqamlashtirish sharoitida shaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilishga ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Chunki, ayrimlar o‘zgalarga tegishli shaxsiy maʼlumotlardan g‘arazli maqsadlarda foydalanish holatlari ham amaliyotda ko‘p uchramoqda.
Davlat shaxsga doir maʼlumotlarning himoya qilinishini kafolatlaydi. Xususan, davlat shaxsning o‘z shaxsiy hayotiga aralashuvdan himoya qilinishini, shaxsga doir maʼlumotlarning yaxlitligini va but saqlanishini, maxfiyligiga rioya etilishini, qonunga xilof ravishda ishlov berilishining oldi olinishini taʼminlashi lozim.
Inson qadri ulug‘lanayotgan Yangi O‘zbekistonda shaxs bilan bog‘liq bo‘lgan maʼlumotlarni himoya qilish bo‘yicha chinakam yangi davr boshlandi. Jumladan, 2019-yilda qabul qilingan “Shaxsga doir maʼlumotlar to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra buning yorqin tasdig‘idir. Unga ko‘ra, shaxsga doir maʼlumotlardan foydalanishga ruxsat olgan shaxslar ushbu maʼlumot egasining roziligisiz shaxsga doir maʼlumotlarni uchinchi shaxslarga oshkor etmasligi va tarqatmasligi shart.
Shu bilan birga, Konstitutsiyaga fuqaroning o‘zi to‘g‘risida qonunga xilof yo‘l bilan to‘plangan yoki huquqiy asoslarga ega bo‘lmagan maʼlumotlarning yo‘q qilinishini talab qilish huquqini kafolatlovchi yangi qoida kiritildi.
Shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berishni amalga oshiruvchi davlat organi, jismoniy yoki yuridik shaxsdan shaxs o‘zi to‘g‘risidagi maʼlumotlardagi turli xatoliklarni bartaraf etishni, shuningdek uning roziligisiz, noqonuniy tarzda yig‘ilgan hamda huquqiy asosi bekor bo‘lgan maʼlumotlarni yo‘q qilinishini talab qilishga haqli. Basharti, tashkilot bu talabni taʼminlamasa, shaxs buzilgan huquqlarini tiklash maqsadida sudga murojaat qilishga haqlidir.
Misol uchun, o‘ziga aloqador bo‘lmagan maqolada surati aks etgan shaxs ushbu maqolani tarqatgan jismoniy yoki yuridik shaxs, shuningdek davlat organidan o‘z suratini maqolaning tarkibidan chiqarib tashlashni (yo‘q qilishni) talab qilishi mumkin.
Xorijiy mamlakatlarda (Singapur, Yaponiya) “unutilishga bo‘lgan huquq” (right to be forgotten) degan nom bilan qo‘llaniluvchi ushbu huquq shaxsning o‘zi haqidagi qonunga xilof yo‘l bilan to‘plangan yoki huquqiy asoslarga ega bo‘lmagan maʼlumotlarni axborot resurslaridan, jumladan Internetdan, yo‘q qilinishini talab qilish huquqini anglatadi.
Mazkur norma Germaniya, Ispaniya, Sloveniya, Ozarbayjon, Armaniston, Kozog‘iston konstitutsiyalarida ham o‘z ifodasini topgan, shuningdek Yevropa ittifoqining Maʼlumotlarni himoya qilish reglamentida (General Data Protection Regulation) ham belgilab qo‘yilgan.
Javob: Erkin harakatlanish huquqi shaxsning mamlakat hududida bir joydan ikkinchi joyga borish, turar va yashash joyini erkin o‘zgartirish, mamlakatdan chiqish va qaytish huquqini qamrab oladi.
Mazkur huquq insonning erkin rivojlanishiga xizmat qiladi va u Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risida xalqaro pakt va boshqa inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalarda alohida eʼtirof etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev 2022-yil 20-iyun kuni Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “fuqarolarning mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish, turar yoki yashash joyini erkin tanlash huquqi mamlakatdan to‘siqlarsiz chiqish va qaytish huquqi kafolatlanishi lozim”ligini va ular Konstitutsiya darajasida mustahkamlanishi zarurligini taʼkidlagan edi.
Yangilangan Konstitutsiyamizning 32-moddasida qonuniy asoslarda O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lib turgan har kim mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish huquqiga ega, deb belgilandi.
Sir emaski, mamlakatimizning yaqin o‘tmishida erkin harakatlanish huquqini assosiz cheklovchi qonunosti hujjatlari mavjud edi. Masalan, baʼzida fuqarolarimiz Toshkentga kelish uchun yo‘llardagi nazorat postlaridan pasportsiz o‘ta olmas edi, ularni bilim olishi, davolanishi, ishlashi yoki qarindoshlarini ko‘rishi uchun poytaxtga kelib turishida ham qiyinchiliklar mavjud edi. Fuqarolarimizning xorijga chiqishi uchun esa ruxsatnoma (stiker) rasmiylashtirish talab etilardi. Bunday to‘siqlarning aksariyati Harakatlar strategiyasi doirasida bartaraf etildi, xususan, yo‘llarda nazorat postlari olib tashlandi, “propiska”, xorijga chiqish uchun ruxsatnoma (stiker) rasmiylashtirish tartibi bekor qilindi.
Erkin harakatlanishga oid yangi norma inson qadrini kamsituvchi, harakatlanish erkinligiga to‘siq bo‘lgan cheklovlarni bartaraf etib, har bir shaxsning mamlakatimiz bo‘ylab erkin harakatlanishini kafolatlaydi, aholining qishloq joylaridan shaharlarga erkin harakatlanish uchun shart-sharoitlar yaratishga, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga, urbanizatsiya jarayonlarining samarali amalga oshishiga va barqaror rivojlanishiga muhim omil bo‘ladi.
Javob: Turar va yashash joyini erkin tanlash huquqi – shaxsga davlat hududi doirasida turar va yashash joyini erkin o‘zgartirish imkonini beruvchi shaxsiy huquq bo‘lib, inson shaxsining erkin rivojlanishi uchun muhimdir.
Shu bois, yangilangan Asosiy qonunimizning 32-moddasida qonuniy asoslarda O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lib turgan har kim turar va yashash joyini tanlash huquqiga ega, deb belgilandi.
“Turar joy” va “yashash joy” tushunchalari bir-biriga o‘xshash bo‘lsada, ular farqlanadi, turar joy – shaxsning vaqtinchalik turar joyi bo‘lsa, yashash joyi esa – shaxsning doimiy yashash joyi sifatida tushuniladi. Fuqarolik kodeksida fuqaroning doimiy yoki asosan yashab turgan joyi uning yashash joyi hisoblanadi. Masalan, fuqaroning mehmonxonada, yotoqxonada, qarindoshlari yoki yaqinlarining uyida yashab turgan manzili uning turar joyi, doimiy ro‘yxatdan o‘tib yashab turgan uyi yashash joyi hisoblanadi.
Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risida xalqaro paktning 12-moddasida biror-bir davlat hududida qonuniy ravishda turgan har bir insonning ushbu davlat hududi doirasida erkin harakatlanish va yashash joyini erkin tanlash huquqiga ega ekanligining belgilanganligi, inson huquqlari nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatimizda fuqarolarning turar va yashash joyini tanlash huquqini to‘laqonli taʼminlash maqsadida uzoq yillardan buyon og‘riqli masala bo‘lib kelgan, fuqarolarni kamsituvchi “propiska” tizimi yo‘q qilindi. Bundan tashqari, 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida “fuqarolarni yashash joyi bo‘yicha hisobga olish” tizimini yanada soddalashtirish belgilandi.
Javob: Internet (lot. inter – aro va net – tarmoq) bu – axborot almashish, saqlash va uzatish uchun axborot-kommunikatsiya tarmog‘i va o‘zaro bog‘langan butunjahon kompyuter tarmoqlari tizimi bo‘lib, hozirda hayotni Internetsiz tasavvur etish qiyin.
Internetdan foydalanish uchun shart-sharoit yaratish, eng avvalo, axborotni izlash, olish, almashish va tarqatishni, shu jumladan, so‘z erkinligi huquqini taʼminlashga ko‘maklashadi.
Shuni inobatga olib, yangilangan Konstitutsiyamizning 33-moddasida “davlat Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni taʼminlash uchun shart-sharoitlar yaratadi”, degan zamonaviy norma mustahkamlandi.
Kundalik hayotimizda taʼlimdan tortib, savdo-sotiqgacha, davlat organiga murojaat etishdan tortib, kommunal to‘lovlarni to‘lashgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni Internetsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Dasturchilar, blogerlar va IT yo‘nalishishida yangi kasblar yaratilishiga, jamiyatning ochiqligi va kreativligini oshishiga, davlatning iqtisodiy rivojiga va tarraqiyotiga ko‘maklashuvchi vositalardan biri sifatida tan olinmoqda.
Internet tarmog‘iga kirishni taʼminlashga oid yangi konstitutsion norma mamlakatimizda inson huquqlarini, xususan, so‘z erkinligi va axborot olish huquqini taʼminlash uchun ham mustahkam huquqiy zamin yaratadi. BMTning Inson huquqlari kengashi tomonidan bir necha bor o‘z rezolyutsiyalarida Internetda inson huquqlarini amalga oshirish va himoya qilish zarurligi bo‘yicha tavsiyalar berilgan. Xususan, 2011-yil 3-iyundagi yig‘ilishida ham Internet inson huquqlarini amalga oshirishga ko‘maklashuvchi muhim vosita sifatida tan olingan.
Shu nuqtayi nazardan, davlat tomonidan Internet tarmog‘ini doimiy ravishda rivojlantirilishi zamonaviy dunyoda qo‘yilayotgan yangicha talab – inson huquqlarini nafaqat anʼanaviy shaklda (oflaynda) taʼminlash, balki ushbu huquqlarni virtual makonda, onlayn shaklda ham amalga oshirishga imkoniyat yaratadi. Masalan, mamlakatimizda fuqarolarning bilim olish huquqini faqat o‘quv yurti binosiga kelib emas, masofadan amalga oshirishga, elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatishga, murojaatlarni elektron tarzda taqdim etishga va boshqalarga shart-sharoit yaratilmoqda.
Yangi O‘zbekistonda fuqarolarimiz va tashkilotlarni Internetga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish maqsadida bir qator qarorlar qabul qilinib, tashkiliy-huquqiy choralar ko‘rilmoqda. Natijada, O‘zbekistonda Internetdan foydalanuvchilar soni 2016-yilda 12,1 mln bo‘lgan bo‘lsa, 2022-yilga kelib ikki barobarga, yaʼni 32 mln.dan oshdi, shuningdek, mamlakatimiz axoli yashash maskanlari hududini Internet tarmog‘i bilan qamrovi esa 2016-yildagi 28% dan, 2022-yilda 98% ga yetgan.
Bunday normani Konstitutsiyaga kiritilishi, raqamli texnologiyalar asrida Internetga oid qonunchilikni takomillashtirishga, aholini, ayniqsa olis va chekka hududlarda yashovchilarni ham Internet tarmog‘iga ulanishiga, pirovardida har bir shaxsning Internetdan foydalanish huquqini, jamiyat va davlatning esa ochiqligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Javob: Huquqiy demokratik davlat va ochiq fuqarolik jamiyatda so‘z erkinligi nafaqat huquq, balki har bir inson uchun masʼuliyat va majburiyat ham yuklaydi.
Yangilangan Konstitutsiyamizning 33-moddasida axborot bilan bog‘liq quyidagi normalar belgilandi:
Birinchidan, axborotni izlash, olish va tarqatishga bo‘lgan huquqni cheklashga faqat qonunga muvofiq yo‘l qo‘yilishi qatʼiy belgilab qo‘yildi. Bunda shaxslarning axborotni izlash, olish va tarqatishga bo‘lgan huquqlari qonunosti hujjatlari, jumladan Huqumat qarorlari, vazirlik yoki idoraning, hokimliklarning normativ-huquqiy hujjatlari bilan, shuningdek, og‘zaki yoki yozma ko‘rsatmalari bilan cheklanishi mumkin emasligi konstitutsiviy darajada mustahkamlandi.
Endilikda, shaxslarning axborotni izlash, olish va tarqatishga bo‘lgan huquqlari faqat xalq vakillari faoliyat ko‘rsatadigan Oliy Majlis tomonidan qabul qilingan qonunlar bilan cheklanishi mumkin.
Ikkinchidan, axborotni izlash, olish va tarqatish chegarasining asoslari yoki aniq ro‘yhati ko‘rsatildi. Unga ko‘ra, axborotni izlash, olish va tarqatishda cheklovlar faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini taʼminlash, shuningdek davlat sirlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir oshkor etilishining oldini olish maqsadida zarur bo‘lgan doirada yo‘l qo‘yiladi.
Boshqa shaxslarning huquqlari va obro‘-eʼtiborini hurmat qilish uchun yoki davlat xavfsizligini, jamoat tartibini, aholi salomatligi yoki maʼnaviyatini muhofaza etish uchun shaxsning ayrim huquq va erkinliklari cheklanishi mumkinligi Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktda ham belgilangan.
So‘z erkinligi va axborot olish huquqi bilan bog‘liq cheklovlar va ularni buzganlik uchun javobgarlik qonunchiligimizda ham ko‘zda tutilgan. Masalan, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda fuqaroga maʼnaviy yoki moddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan maʼlumotlarni oshkor etganlik, yolg‘on axborot tarqatish, jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborot tarqatganlik uchun javobgarlik belgilangan.
Mazkur yangi konstitutsiyaviy normalar nafaqat fuqarolarimizning axborotni izlash, olish va tarqatishga, shu jumladan Internet tarmog‘idan foydalangan holda izlash, olish va tarqatish huquqini kafolatlaydi, balki mazkur huquqni suiisteʼmol qilinmasligini oldini olish, shaxs, jamiyat va davlatning himoyasi va xavfsizligini taʼminlash uchun muhim ahamiyatga ega.
Javob: Davlat xizmatiga kirishda teng huquqlilik – davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, shuningdek, boshqa barcha davlat organlarida xizmatiga kiruvchi fuqarolar uchun teng imkoniyatlar yaratilishi tushuniladi. Bu davlat xizmatiga kirishda nomzodlarga jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, huquqlarining tengligi kafolatlanishi orqali amalga oshiriladi. Bir so‘z bilan aytganda, bu jarayonda odam ajratmasdan, barchaga bir ko‘z bilan qaraladi, “falonchini o‘g‘li”, “pistonchini jiyani” bo‘lganligi uchun unga ustunlik berish kabi holatlarga aslo yo‘l qo‘yilmaydi. Eng asosiy mezon – professionallik talabi, yaʼni qanchalik darajada o‘z kasbini chuqur bilishidir.
Davlat xizmatini samaradorligini oshirishning eng muhim yo‘nalishlaridan biri davlat idoralariga ishga qabul qilishning ochiq-oshkora tizimi joriy etish hisoblanadi.
Shu maqsadda, yangilangan Konstitutsiyamizning 37-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa egadir”, degan qoida belgilandi. Shuningdek, 2022-yilda qabul qilingan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonunda davlat fuqarolik xizmatiga kirishda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarning teng huquqliligi prinsipi mustahkamlandi.
Mamlakatimizda davlat organlari va tashkilotlarida davlat fuqarolik xizmatiga kirishda barcha fuqarolarning teng imkoniyatlardan foydalanishini hamda davlat fuqarolik xizmatida professional sifatlar va alohida xizmatlar asosida ko‘tarilib borishni taʼminlaydigan nomzodlarni saralab olishning shaffof mexanizmlari amal qilmoqda.
Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 25-moddasida “har bir fuqaro hech bir kamsitishsiz va asoslanmagan cheklashlarsiz o‘z mamlakatida umumiy tenglik shartlarida davlat xizmatiga kirish” huquqiga egaligi belgilangan.
O‘xshash normalar Italiya, Latviya va boshqa davlatlar konstitutsiyalarida ham o‘z aksini topgan.
Javob: Fuqarolarning mehnat huquqlarini amalga oshirish, ularni ish bilan taʼminlash va ishsizlikdan himoyalash, munosib mehnat uchun munosib ish haqi bilan taʼminlash ijtimoiy davlatning asosiy shartlaridan biridir.
Shu bois, Asosiy qonunda har bir shaxsning asosiy mehnat huquqlarini kafolatlash ularni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.
Jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 42-moddasida mehnat huquqi va uni amalga oshirishga oid quyidagi normalar belgilandi:
birinchidan, har kim munosib mehnat qilish huquqiga ega, degan norma mustahkamlandi. Konstitutsiyaviy islohotlar doirasida fuqarolarning mehnat qilish huquqi yangicha qarash bilan boyitilib, “munosib” so‘zi bilan to‘ldirildi. Endilikda “munosib mehnat” deganda, adolatli ish haqi to‘lanadigan ish joylari, xavfsiz mehnat sharoitlari va ishonchli ijtimoiy himoya ko‘zda tutiladi. Bordi-yu ish joylarida ish haqi yetarli bo‘lsa-da, lekin mehnat sharoiti xavfsizligi taʼminlanmagan bo‘lsa, demak bunday ish joylarini munosib mehnat, deb bo‘lmaydi.
Ikkinchidan, xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash huquqiga egaligi belgilandi. Xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlari deganda, xavfsizlik standartlari, sanitariya normalari va qoidalari, gigiyena normativlari talablari asosida ish joylarini tashkil etish tushuniladi. Bunday sharoit xodimlarni kasb kasalliklari, ishlab chiqarishdagi shikastlanishlar va insonlar o‘limini yoki sog‘lig‘iga zarar yetkazishning oldini oladi.
Ushbu masalada Xalqaro Mehnat Tashkiloti Mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga ko‘maklashish asoslari to‘g‘risidagi Konvensiyasi (2006-yil) qabul qilingan bo‘lib, O‘zbekiston 2021-yilda ushbu hujjatni ratifikatsiya qilgan.
Uchinchidan, mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish huquqiga ega, degan norma nazarda tutildi. Shu maqsadda har yili mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori va bazaviy hisoblash miqdori belgilanadi.
O‘xshash normalar Ispaniya, Italiya, Portugaliya, Chexiya, Ruminiya, Xitoy, Turkiya kabi davlatlar konstitutsiyalarida belgilangan.